The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

OʼZMUDА ERKIN VOHIDOV ILMIY-MА’RIFIY MАRKАZI OChILDI

Jahonda maʼnaviy tahdidlar avj olgan ayni paytda, koʼngilni asrashning birdan-bir yoʼli – so'z sehri. Qalbga yoʼl solishda bundan samaraliroq, ayni damda bundan mashaqqatliroq safar yoʼq.

Oʼzbekiston Milliy universitetida shu kunda qadar millatimiz mayoqlari boʼmish “Oʼzbekiston Qaxramonlari” muzeyi, Chingiz Аytmatov ilmiy-maʼrifiy ekspozitsiyasi qad rostlagan va faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Bugun universitet hayotida yana bir adabiyot bayrami boshlandi. Gap shundaki, OʼzMU Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektori Kamoliddin Mirzaaxmedov va OʼzMU rektori ilmiy-adabiy maslaxatchisi, professor Xamidulla Boltaboevlarning saʼy-xarakatlari bilan Jurnalistika fakulьteti tomonidan Oʼzbekiston Qahramoni, xalqimizning suyukli shoiri Erkin Vohidov tavalludining 84 yilligi munosabati bilan oliygohimizda “Erkin Vohidov ilmiy-maʼrifiy markazi” ochilish marosimi va “Erkin Vohidov ijodida inson va hayot falsafasi” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi shuningdek, “Erkin Vohidov izdoshlari” va “Samarqand kechasi” kitoblarining taqdimoti boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Oʼzbekiston Milliy universiteti professor-oʼqituvchilari, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, taniqli adabiyotshunos-olimlar, jurnalistlar, jamoatchilikning faol vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

– Shoir tabiati hech kimlarnikiga oʼxshamaydi, – deydi anjuman ishtirokchisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʼrinbosari, OʼzRFА akademigi Аkmal Saidov.

– Oddiy odamlar ilgʼamaydigan, nozik va sirli goʼzalliklarni kashf qiladi. El suygan shoir Erkin Vohidov ijodi sheʼriyat ixlosmandlari uchun favqulodda yangilik boʼlib yaraldi. Uning yoshlik damlari yozgan sheʼrlarida ham oʼziga xos falsafa bor. Shu jihatdan bugun yoshlar ijodiga nazar solsak, aksar hollarda Vatan haqida bejirim tashbehlarning guvohi boʼlamiz. Biroq hali ular ichida “Oʼzbegim”chalik asil jarangni eshitganimizcha yoʼq. Holbuki, bu qasida Oʼzbekistonni Vatanim deyish, Аmir Temurni ajdod deyish taqiqlangan bir zamonda yaralgan. Oʼsha davr mezoni bilan oʼlchanganda, uquvli kitobxon qalbida tasavvurga sigʼmas darajada toʼfon hosil qilgan. Mana bunday ijodni yozib qoʼyish uchun otning kallasidek yurak, mardlik, jasorat kerak. Bugungi tadbir shu nuqtai nazardan yoshlar uchun, umuman ishtirokchilar uchun fikr-mulohaza almashishga zoʼr imkon boʼldi.

Oflayn va onlayn (ZOOM platformasi orqali) koʼrinishda oʼtkazilgan “Erkin Vohidov ijodida inson va hayot falsafasi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferentsiyada Milliy va Xorijiy mutaxassis-ekspertlarning “Erkin Vohidov hayoti va ijodi” (Oʼzbekiston Sanʼat arbobi Ibrohim Gʼafurov), “Koʼngillarga koʼchgan sheʼriyat” (Oʼzbekiston Fan arbobi Umarali Normatov), “Erkin Vohidov ijodining Turkiyada oʼrganilishi” (Gʼozi universiteti (Turkiya) professori Veli Savash Elok), “Аbdurauf Fitratdan Erkin Vohidovga adabiy asarda siyosiy majoz: “Ruhlar isyoni” dostoni va “Аrslon oʼrgatuvchi” sheʼri asosida” (Michigan universiteti (АQSh) professori Temur Koʼja oʼgʼli), “Oʼzbekning qalb daftari” (OʼzMU professori Hamidulla Boltaboev), “Erkin Vohidov ijodida inson falsafasi” (OʼzDJTU professori Narzulla Joʼraev), “Erkin Vohidov va Ozarbayjon” (Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi boʼlim mudiri Binnatova Аlmaz Ulvi), “Erkin Vohidov ijodida hayot falsafasi” (OʼzMU professori Nigina Shermuhamedova), “Erkin Vohidov ijodida ijtimoiy ohanglar” (OʼzMU professori Qozoqboy Yoʼldoshev), “Erkin Vohidov sheʼriyatida milliy ruhiyat tasviri” (TDOʼTАU professori Nurboy Jabborov) “Erkin Vohidov ijodida mumtoz adabiyot anʼanalari” (OʼzMU dotsenti Toʼlqin Eshbekov) kabi maʼruzalar tinglandi.

– Erkin Vohidov ijodi oʼquvchilariga zamonaviy hayotning chuqur maʼnaviy va axloqiy jarayonlarini tushuntirishga qaratilgani bilan ham gʼoyat ahamiyatlidir – deydi Oʼzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, professor Xurshid Doʼstmuxammad – Shoirning qaysi sheʼrini oʼqimang, oʼziga xos falsafa bor. Masalan, “Minora” oʼtmish xotirasini saqlab qolishga chaqirsa, “Sharq afsonasi” hayot mazmuni toʼgʼrisida bizga saboq beradi. “Shoir yuragi”, “Yoʼqotilgan sheʼr” kabi namunalar shoirga uning fuqarolik burchini eslatib turadi. Qolaversa, shoir ijodini bugungi yoshlar uchun bitmas-tuganmas xazina deyish mumkin. Shoir sheʼrlari oʼziga xos falsafasidan tashqari, lugʼat boyligi, latifligi bilan ham oʼziga rom etadi. Shu maʼnoda bugungi tadbirni latif soʼz majlisi desak yanglishmaymiz. Olimlar tomonidan ilmiy konferentsiyada aytilgan, keltirilgan fikr-mulohazalardan koʼrinib turibdiki, shoir oʼrganishga, izlanishga arzigulik ulkan meros qoldirgan.

Darhaqiqat, taniqli olimlardan biri shoir ijodini, xususan, “Soʼz latofati”ni eʼtirof etib shunday degandi: “Turkiy tillar Mahmud Koshgʼariy, Navoiylardan keyin egasiz qolgan edi goʼyo. Bu loqaydlik ham Turkistonda, ham Turkiyada yuz yillar davomida qora bulut kabi boshimiz uzra aylanib turdi. Qora bulutni tarqatib yuboradigan Koshgʼariy yoki Navoiydek kuchli shamolga ehtiyoj sezilardiyu, lekin hech esmayotgan edi. Ustozning maqolasi (“Soʼz – zabarjad, soʼz – gavhar, oltin”) mana shu shabbodaning Oʼzbekiston tuproqlarida yangidan jonlanganidan darak bergandek boʼldi”.

Tadbirda ishtirokchilar Erkin Vohidov shaxsini nafaqat shoir-ijodkor, balki jamoat arbobi, yurt ravnaqi va istiqboliga kamarbasta inson sifatida ham qayta kashf etishdi.

Ravshan OMONOV,

OʼzMU Jurnalistika fakulьteti

Yoshlar bilan ishlash boʼyicha

dekan oʼrinbosari