The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

Аssalomu alaykum aziz hamkasblar, universitetimiz talabalari!


Sizlarni ulugʼ ayyom kunlari - muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bu qutlugʼ kunlarda Аllohga shukrlar aytib, avvalo oʼzingizga, oila aʼzolaringizga tani - sihatlik, xotirjamlik va tinchlik tilayman.
Mehr-oqibat, odamiylik, umumbashariy va milliy qadriyatlarimizni oʼzida mujassam etib, daxldorlik hissi, hayot saboqlari va ruhiy halovat sari yetaklaydigan odob-axloq, kattalarga hurmat, insonni kamolotga yetish yoʼlidagi izlanishlarga, ilm olishga va fikr tarbiyasiga undovchi, shukronalik, sabr-qanoatga yoʼlida sobitqadam boʼlish, qoʼshnichilik munosabatlari, sahiylik va sahovatni eslatib turuvchi bu fayzli kunlardagi duolarimiz ijobat boʼlsin.
Nafaqat biz, balki butun dunyoni, bani basharni sinovida tutib turgan koronavirus pandemiyasi avj olib turgan bir paytda hamjihatlikda kengashib, oʼzimiz va yaqinlarimizning hayotini ehtiyot qilib, hayit ayyomlarini uyda, karantin qoidalariga rioya qilib, yoshi ulugʼlarimizni avaylab, virtual olamda yoʼqlashimiz va boshqalarga ham buni eslatishimiz insoniylik burchimizdir.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bir necha soat avval xalqimizni muborak Qurbon hayiti bilan tabrikladilar. Yurtboshimiz:- «Qalblarimiz fayzu ilohiy shukuhga toʼlib turgan ushbu ulugʼ kunda yurtimizdagi barcha moʼmin-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va sahovat ramzi boʼlgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, oʼzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʼoyat mamnunman»,-deya tabrik yoʼllar ekanlar, pandemiya sharoitidan kelib chiqib, oʼzimiz va yaqinlarimizning sogʼliqlari va hayotlariga befarq boʼlmaslikka chaqirdilar.
Аziz talabalar! Bugungi sinovli kunlarda taʼtilni ota-onangiz, oilangiz davrasida mazmunli oʼtkazing. Oʼz ustingizda mustaqil ishlab, uy yumushlarida ularga koʼmakdosh boʼling.
Yangi oʼquv yilining boshlanishiga ham oz fursat qoldi. Bu davr ichida oʼqish, izlanishdan toʼxtamang. Universitet rahbariyati va ustozlaringiz Siz uchun zarur boʼlgan koʼmak, maslahatlar uchun hamisha tayyor.
Qadrli ustozlar, hamkasabalar! Yoshlarga taʼlim va tarbiya berish yoʼlida hech qachon hormang. Savob-u ajrlari bisyor bu sharafli kasbingiz yoʼlida hamisha kuch-quvvat va salomatlik tilayman.
Barchangizni Аllohning rahmati yogʼiladigan fayzli kunlar bilan yana bir bor tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʼlsin!

Mirzo Ulugʼbek nomidagi
Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov