Barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush sifatini oshirish masalasiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi
Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida iqtisodchi olimlar, nufuzli mehmonlar, soha vakillari ishtirokida “Barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush sifatini oshirish yo‘nalishlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Makroiqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Amerika Iqtisodiy Akademiyasi haqiqiy a’zosi Vaxabov Abduraxim Vasiqovichning 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur konferensiyaning maqsadi globallashuv sharoitida jahonda va O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I.U. Madjidov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi professori, akademik N. Tuxliyev, TKXU ta’sischisi, professor A.V. Vahobov, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori O.O. Mamatkarimov, Bank-moliya akademiyasi rektori E.A. Xoshimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi direktori Sh.R. Rajabboyev, “Trastbank” XAB boshqaruvi raisi S.R. Normuxamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor O. Olimjonov, “Uzbek Leasing International” kompaniyasi direktori Z.B. Mustafayevlar tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi mehnat bozorida norasmiy ish bilan bandlik jarayoni: mummmolar, holati va uni qisqartirish istiqbollari, innovasion xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishlari, iqtisodiyotni soliqlar vositasida tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari, barqaror rivojlanish maqsadlarining mintaqaviy xususiyatlari, meva-sabzavotchilik mahsulotlari kooperatsiyasi va uning samaradorligini oshirish yo‘llari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiyada jahon iqtisodiyoti rivojlanishining global muammolari va ularni hal etish yo‘llari, milliy iqtisodiyotni raqamlashtirish asosida innovasion rivojlantirish modelini shakllantirishning nazariy va amaliy muammolari, barqaror iqtisodiy rivojlanish va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘nalishlari, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishning nazariy-amaliy, huquqiy-institusional asoslarini takomillashtirish, aholi turmush darajasini izchil oshirish va sifatini yaxshilashning dolzab masalalarini tadqiq etish va amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, barqaror iqtisodiy rivojlanish va yashil iqtisodiyot borasida ilmiy tadqiqot olib boruvchi xorijlik va mahalliy oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarining yetakchi ilmiy xodimlari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilari, magistrantlari va talabalari qatnashdilar.
Konferensiyada quyidagi shoʻbalar majlislari ish olib bordi:
1-shoʻba. “Yashil investisiyalar” va “yashil iqtisodiy o‘sish”ni ta’minlash muammolari.
2-shoʻba. Barqaror iqtisodiy o‘sish va tarkibiy islohotlar.
3-shoʻba. Aholi turmush sifatining holati va uni oshirishning ustuvor yo‘nalishlari.
4-shoʻba. Jahon iqtisodiyotida iqtisodiy o‘sish pasayishining global omillari va defragmentatsiyalashuv muammolari.
5-shoʻba. Jahon iqtisodiyotida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va global ekologik muammolar.
6-shoʻba. Milliy iqtisodiyotni raqamlashtirish va innovasion rivojlanish modelini shakllantirish xususiyatlari.
O‘zMU Axborot xizmati