The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

«JАRАNGLАMА, SOʼNGGI QOʼNGʼIROQ…»

Umumtaʼlim maktablarini bitirib, mustaqil hayotga qadam qoʼyayotgan yoshlarni goʼyoki parvozga shaylanayotgan oqqushga mengzagim keladi. Chunki ular jonajon maktablari bagʼridan kata hayot quchogʼiga, orzular olamiga qadam qoʼyadilar. Bu damlar juda hayajonli… qaytarib boʼlmas lahzalar. Bugun mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʼquvchilari taʼlim dargohi, mehribon ustozlari bilan xayrlashadilar.

Davlatimiz rahbarining bitiruvchi oʼgʼil-qizlarga yoʼllagan tabrigida taʼkidlanganidek, maktablarni bitirib chiqayotgan yigit-qizlardan birortasi eʼtibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi.

Tabrikda zamonaviy taraqqiyot talablari asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod vakillariga davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanishlariga ishonch bildirildi.

Ota-bobolarimizning shunday ibratli soʼzlari bor: «Hayot ulkan kema, har kim oʼz manzili tomon suzaveradi». Bugun ajib lahzalarga guvoh boʼldik. Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 28 va 29-umumiy oʼrta taʼlim maktablarida «Soʼnggi qoʼngʼiroq» deb nomlangan bitiruv tadbirlari boʼlib oʼtdi.

Bugun bu qorakoʼzlar bolalikning shirin xotiralarini ortda qoldirib, ustozlari qoshidan mustaqil hayotga parvoz qiladilar. Taniqli olim Rustam Tojiboev aytganidek: «Salom maktab deyish koʼngilni quvonchga toʼldiradi, xayr maktab deyish esa koʼngilga biroz armon yuklaydi».

Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 28 va 29 - umumiy oʼrta taʼlim maktablarida 2021 yil 25 may kuni tashkil etilgan «Soʼnggi qoʼngʼiroq» tadbirlarida Oʼzbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulьteti dekani Mahliyo Mirsoatova, Xorijiy filologiya fakulьteti dekani Iroda Joʼraeva, Jurnalistika fakulьteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan oʼrinbosari Ravshanjon Omonov, Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati Toʼlqin Eshbekov,Jurnalistika kafedrasi professorlari Yoqutxon Mamatova, Qudrat Irnazarov, Oʼzbek tilshunosligi kafedrasi professori Zoir Tohirov, Jurnalistika kafedrasi dotsentlari Shavkat Mirolimov, Ramziddin Аbdusattorov, Xorijiy filologiya fakulьteti Rus tili kafedrasi mudiri Ravshana Isakova, Xorijiy filologiya fakulьteti Ingliz filologiyasi kafedrasi mudiri Ibrohim, Oʼsarov, OʼzMU Yoshlar Ittifoqi boshlangʼich tashkiloti faollari Аbbosbek Moʼminov, Samandar Hakimjonovlar ishtirok etib, hayot davomchilari, Ibn Sino izdoshlari, Ulugʼbek vorislari boʼlgan shogirdlarga oq yoʼl tiladilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning mamlakatimiz maktablarining bitiruvchi oʼgʼil qizlariga murojaatini yetkazib, yurtimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan keng koʼlamli va chuqur islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning bilim olishlari va mexnat qilishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar toʼgʼrisida batafsil axborot berishdi.

Koʼtarinki ruhda oʼtgan tadbirda kuy-qoʼshiqlardan iborat bayram dasturi namoyish qilindi. Oʼquv yili davomida yuqori natijalarni qayd etgan oʼquvchilar hamda ustoz-murabbiylar esdalik sovgʼalari bilan taqdirlanishdi.

«Soʼnggi qoʼngʼiroq»- bu bitiruvchilar va ularning oilalari intiqlik bilan kutadigan anʼana. Ha, oʼquvchilik damlari goʼyo nazdimizda yeldek oʼtadi-ketadi. Olingan puxta bilim kelajak poydevoridir. Maktabda mukammal bilim olgan yoshlar yurtimizning turli oliy oʼquv yurtlariga yoʼl oladilar, maʼrifat saboqlarini davom ettiradilar. Ularning bugungi hayajonlarini soʼz bilan taʼriflash mushkul. Shijoatli yoshlar yurt kelajagi, bugunning erkasiyu, ertaning egalaridir.

Bu fursat qaytmas onlar,
Chulgʼadi hayajonlar,
Zarb-la urgudek bonglar,
Mehri ummon maktabim,
Chalinma, qoʼngʼirogʼim!

Yuzlarida quvonch, koʼzlarida yoshlik shijoati balqib turgan bu yoshlarning kelajagi porloq ekanligiga, kelajakda Vatan rivojiga munosib hissa qoʼshishiga ishonamiz. Yoshlarimiz albatta ota-onalari, ustozlari va xalqimizning ishonchini albatta oqlaydi.

Аbbosbek MOʼMINOV,

Jurnalistika fakulьteti

III bosqich talabasi