The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

MANGU JARANGLAYVЕR FAXRIM, MADHIYAM

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi 1992 yil 10 dekabr sanasida qabul qilingan Qonunning 2-moddasida muxrlangan ushbu jumlalar, barcha o‘zbek xalqining iftixori va g‘ururidir.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2020 yil 10 dekabr sanasi professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar tomonidan bayramona ko‘tarinki ruxda nishonlandi. O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli adib Abdulla Oripov so‘ziga benazir kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti Mutavakkil Burxonov bastalagan O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi buyuk qalb ardog‘idan yaralgan betakror ohanglar mana chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, qanchalar qalblarga ilhom bag‘ishlab, yurtimiz dovrug‘ini yetti iqlimga mardonavor taratib kelmoqda.

“Bag‘rikeng O‘zbekning o‘chmas iymoni

Erkin yosh avlodlar senga zo‘r qanot…”

Davlatimiz bayrog‘i yuksaklarga ko‘tarilganida, mamlakatimiz shonu-shafkati ramzi, mehnatsevar xalqimizning orzu umidlari timsoli bo‘lib yangrayotgan bu so‘zlar bugun kechagidan ko‘ra teranroq ahamiyat kasb etayotgandek, nazarimda.

Ikki xassos ijodkor: Mutal Burxonov va Abdulla Oripovlar avvalo shu yurt farzandlari edi. Ularning qalb ardog‘idan yaralgan ko‘ngil mulki ne baxtki, xuddi o‘zlari orzu qilganidek, bugungi yoshlar qalbiga ko‘chib ularni yangi davrning yangi manzillari tomon yetaklamoqda. Xor orkestri ijrosida Madhiya sadolari yangraganida beixtiyor unga jo‘r bo‘lgan inson borki, bu tuyg‘ularni yuraklaridan o‘tkazadi. Minglab yoshlar bilan birgalikda kuylaymiz. Qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, eng yaxshi tilaklarimizni qalbimizga joylab birgalikda qo‘shiq aytamiz. Zero, orzu o‘ylari, kelajak yo‘llari bir bo‘lgan xalqning oliy maqsadlari ham bir xildir. Madhiyamiz bizga hamisha shu oydin yo‘llarni eslatib, vatanimiz yorqin istiqboli yo‘lida birgalashib, qo‘lni qo‘lga berib unga madadkor qanot bo‘lishga undaydi.

Joriy yilning 10 dekabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Mangu jaranglayver faxrim, madhiyam!” mavzusidagi ma’naviy-marifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda barcha mehmonlarga samimiy tabrik yo‘lladi. K.Mirzaaxmedov o‘z nutqida jamiyatimizda fuqarolarning ayniqsa yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasidagi tizimli ishlar samaradorligi yildan-yilga oshib borayotganligi va bu boradagi ko‘nikmalarni talaba-yoshlarning ham hayot tarziga chuqur singdirish muhim ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari Mavluda Qosimova va Muqaddas Tirkashevalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar 10 dekabr halqimiz uchun mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab, milliy davlatchilik, yangi siyosiy-ijtimoiy tizim barpo etish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishning huquqiy poydevorini yaratib bergan muhim sanalardan biri ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, tadbirning badiiy qismiga navbat berilib, universitet iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan she’riy chiqishlar hamda Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tarannum etildi.

Darhaqiqat, tadbirda qayd etilganidek, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni ularga hurmat ruhida tarbiyalash inson manfaati, huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, hayotimizning erkin va obod, turmushimizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi. Tadbir so‘ngida iqtidorli talba-yoshlarimiz universitetda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarning samaradorligini oshirishdagi faol va ijodiy ishtiroklari uchun munosib taqdirlandilar.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi