Ilm-fanga asoslangan hamkorlik: Fazoviy maʼlumotlardan fazoviy infratuzilmagacha – GISCA 2021
XV "Markaziy Osiyoda GAT" - GISCA 2021 konferensiyasi 30 maydan 2 iyungacha Olmaota, Bishkek, Dushanbe, Toshkent va Urumchi "HUB" lari orqali joylarda mintaqaviy taqsimlangan holda gibrid formatida bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Avstriya - Markaziy Osiyo Geografik axborot tizimlari fanlari markazi, Yevroosiyo va Tinch okeani universiteti tarmog‘i, AQSHning Trimble kompaniyasi, Avstriyaning Vena universiteti va Zalsburg universiteti, Germaniyaning Barqaror rivojlanish Ebersvalde universiteti, Belgiyaning Gent universiteti, Xitoy fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va Geografiya instituti, Gonkong baptist universiteti, Xitoyning Janubiy-G‘arbiy fan va texnologiyalar, Shensi pedagogik, Shinjon pedagogik, Syuyfu pedagogik hamda Uxan universitetlari, Al-Farobiy Qozog‘iston Milliy universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Fan va ta’lim vazirligining Geografiya va suv xavfsizligi instituti, Qirg‘iziston fanlar akademiyasi Suv va gidroenergetika muammolari instituti, Qirg‘iziston Davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti, Tojikiston Milliy Fanlar Akademiyasining suv muammolari, gidroyenergetika va ekologiya instituti, Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining "Muzliklarni tadqiq qilish markazi" davlat ilmiy muassasasi, Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining "Muzliklarni tadqiq qilish markazi" davlat ilmiy muassasasi, Tojikiston texnika universiteti, Tojikiston agrar universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ulug‘bek Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti olimlari o‘z ilmiy ishlari bilan qatnashishdi.
Konferensiya ishida Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlangan quyidagi mavzular bo‘yicha ilmiy maqolalar taqdimot qilindi:
• Hududlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha GAT;
• Geofazoviy infratuzilma va ekotizimlarni rivojlantirish;
• Atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf qilish hamda aholi salomatligi sohasida GAT;
• Qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va boshqa sohalarda GAT;
• Geodeziya, kadastr, kartografiya va yer tuzish sohasidagi yangi yo‘nalishlar va texnologiyalar;
• Madaniy va tabiiy meros;
• Geoinformatika sohasida kasbiy va uzluksiz ta’lim.
Toshkent "HUB" iga O‘zbekiston Milliy universiteti mezbonlik qildi. Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova konferensiya qatnashchilarini qutlab, konferensiya ishini muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan holda kirish so‘zi bilan ochib berdi. Toshkent "HUB" iga jami 28 ta maqola (O‘zMU dan 12 ta) qabul qilindi, shundan 15 tasi jonli va 13 tasi devoriy ma’ruzalar ko‘rinishida taqdim qilindi. Konferensiyaning barcha seksiyalari bo‘yicha olib borilgan ma’ruzalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Avstriyaning Zalsburg universiteti Facebook sahifasida https://www.facebook.com/ZGIS.Salzburg onlayn tarzda namoyish qilib borildi. Seksiyalar bo‘yicha olib borilgan ma’ruzalarning video yozuvlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
GISCA 2021 konferensiyasida jami 300 ga yaqin turli soha vakillari ishtirok etishdi, shundan Toshkent "HUB" ida 43 kishi qatnashdi. E’tiborli tomoni shundaki, tadbirda nafaqat olimlar va ilmiy izlanuvchilar, balki talabalar ham o‘z ishlari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiya yakunida olib borilgan ma’ruzalar bo‘yicha tezkor savol-javob tarzda viktorina bo‘lib o‘tdi, natijalar bo‘yicha konferensiya tashkilotchilaridan biri O‘zMU Geodeziya va geoinformatika kafedrasi dos.v.b. I.Abdullayev va shu kafedra katta o‘qituvchisi A.Ro‘ziyev 2 va 4 o‘ringa munosib deb topildi. Eng yaxshi devoriy ma’ruzalar nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘ringa O‘zMU Geodeziya va geoinformatika kafedrasi professor – o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida “O‘zbekistonda yirik masshtabli topografik plan va kartalarni yaratishda raqamli fotogrammetrik usullardan foydalanish” mavzusida tayyorlangan devoriy gazeta, 2-o‘ringa fan doktori G.T. Jalilova rahbarligida O‘zMU Agrokimyo va agrotuproqshunosli kafedrasi 2-kurs talabalari A.V.Ahmadeyeva va J.F.Sultanova tomonidan “Eroziya jarayonlarini o‘rganishda GIS texnologiyalardan foydalanishning istiqbollari” mavzusida tayyorlangan devoriy gazeta loyiq deb topildi. Devoriy gazetalar bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu konferensiyada tanlangan maqolalar SCOPUS bazasidagi jurnallarda chop etiladi.
Xalqaro hamkorlik bo‘limi