“Iqlim o‘zgarishi va uning atrof muhitga ta’siri: muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Bugun, 28-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Iqlim o‘zgarishi va uning atrof muhitga ta’siri: muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad – hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda geografiya, gidrologiya, meteorologiya, iqlimshunoslik, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va boshqa turdosh fanlar sohalarining dolzarb muammolari doirasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish, tajriba almashish, iqtidorli yosh olimlarni istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarga jalb qilish, O‘zbekiston Respublikasida fan va innovatsiyaning integratsiyasini yoritishdan iborat.
Konferensiyada BMT Bosh kotibining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bosh maslahatchisi, “Global energiya” mukofoti xalqaro qo‘mitasi raisi, Moskva davlat universitetining faxriy doktori Raye Kvon Chung ishtirok etdi.
2007-yilda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspert guruhi a’zosi sifatida Raye Kvon Chung “Antropogen iqlim o‘zgarishi haqidagi bilimlarni to‘plash va tarqatish va bunday o‘zgarishlarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ishlab chiqish”dagi sa’y-harakatlari uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Konferensiyada Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Hindiston, Tojikiston kabi mamlakatlardan 10 ga yaqin xorijlik olimlar bevosita hamda onlayn ishtirok etmoqda.
Ushbu an’anaviy konferensiyaga yoshlar olimlar, magistrantlar va doktorantlar keng jalb etib kelinmoqda. Ularga respublikamizdagi va xorijdagi nufuzli olimlar bilan ilmiy hamkorlik qilish, xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.