OʻzMU talabasi 100 mln sohibi boʻldi
Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Bilim uchun 100 million” olimpiadasining finalida Oʻzbekiston milliy universiteti 4-bosqich talabasi Jahongir Toʻrayev gʻolib boʻldi. Unga 100 million soʻm mukofot topshirildi.
Jahongir Toʻrayev — 2002-yil, 26-yanvarda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan. U bugungacha oʻndan ziyod xalqaro matematika olimpiadalari sovrindori, akademik T. A. Sarimsoqov nomidagi, akademik T. Qori-Niyoziy nomidagi stipendiyalar sovrindori hamda “Asakabank” AJ tomonidan tashkil etilgan “Yosh Matematik” stipendiyasi gʻolibi boʻlgan. Bu qatorga bugun “Bilim uchun 100 million” olimpiadasi ham qoʻshildi.
Ahamiyatlisi, bu olimpiadada ishtirokchilar uchun yosh chegarasi yoʻq edi. Onlayn bosqichda 250 ming ishtirokchi orasidan TOP 100 talikka kirib, finalga chiqqan talabamiz oʻzidan kattalardan oʻtkir bilimli ekanligini isbotladi.