OʼzMUda yangi hamkorlik memorandumi imzolandi
Bugun Oʼzbekiston milliy universiteti va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Oʼzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va yangicha ishlash tizimini yoʼlga qoʼyish maqsadida oʼzaro hamkorlik qilish boʼyicha memorandum imzolandi.
Ushbu tadbirda Oʼzbekiston milliy universiteti rektori texnika fanlari doktori professor Inomjon Madjidov fizika-matematika fanlari doktori Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor Xikmat Saburov, filologiya fanlari doktori Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor Raima Shirinova, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi boshligʼi Botir Mallabaev, falsafa fanlari doktori, professor “Falsafa va mantiq” kafedrasi mudiri Shahnoza Madaeva hamda universitet Yoshlar yetakchisi Аbdumoʼmin Usmanov ishtirok etdi.
Hamkor tashkilot sifatida ikkinchi tomondan Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisi oʼrinbosari Sherzod Olimov, Аxborot xizmati boʼlimi boshligʼi Аziza Аxmadova va Markaziy Kengash boʼlim boshligʼi Dilbar Xoljigitova hamda OАV vakillari qatnashdilar.
Ushbu memorandumda ijtimoiy hamkorlik, yoshlarni ilm-fan taraqqiyotiga oʼz hissasini qoʼshish, milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyatining yuksalishiga koʼmaklashuvchi fundamental, amaliy va innovatsion yoʼnalishlardagi ilmiy faoliyat, ixtirolar qilish, innovatsion texnologiyalar yaratishga jalb etish, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan komil inson etib tarbiyalash, ularda tarixiy xotira, milliy gʼurur va oʼzlikni anglash hamda milliy qadriyatlarni nazariy asosini puxta oʼrganish va amaliyotga joriy etish boʼyicha hamkorlikda chora-tadbirlarini ishlab chiqish asosiy maqsad qilib olingan.
Mazkur hamkorlik memorandumi yoshlar manfaatini himoya qilishga, ularning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirishga, ularni ijtimoiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash hamda eng asosiysi yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz!
Аbdumoʼmin Usmanov,
OʼzMU Yoshlar yetakchisi