Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zMU talabalari uchun Markaziy bankning maxsus stipendiyasi joriy etiladi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Ulugbek Nasirovni qabul qildi.

Uchrashuvda universitet va Markaziy bank o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, talabalar va bitiruvchi yosh mutaxassislar bilan bank vakillarining jonli muloqotini tashkil etish, tizimli amaliyotni yo‘lga qo‘yish, o‘zlariga zarur bo‘lgan kadrlarni ishga tanlab olish, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib yangi istiqbolli yo‘nalishlarni ochish va boshqa masalalarda fikr almashildi.

Shuningdek, bakalavriat va magistratura bosqichidagi talabalar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus stipendiyasi tanlovini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mazkur stipendiya iqtisodiyot fakultetida tahsil oluvchi, shu bilan birga, “Sun’iy intellekt”, “Axborot xavfsizligi” hamda “Axborot tizimlari va texnologiyalar” yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarga mo‘ljallangan bo‘lib, Markaziy bank tarkibiy bo‘linmalarining joriy loyihalarida ishtirok etish hamda mamlakatimizning bank, moliya va iqtisodiyot tizimi faoliyatini yanada kengroq o‘zlashtirishlarida noyob tajriba bo‘lib xizmat qiladi.