O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Berlindagi elchixonada madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etdi
Shu yilning 15-noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan “O‘zbekistonning bebaho merosi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.Elchixona bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbir 2025-yili Samarqandda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi, iqtidorli talabalari, O‘zbekiston elchixonasi vakillari, Germaniyadagi o‘zbekistonliklar va tahsil oluvchi o‘zbek yoshlari, nemis ekspertlari, nufuzli mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov kirish so‘zi bilan ochib berib, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida hamkorlik, ta’lim sohasidagi aloqalar, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, O‘zMUning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi haqida va O‘zbekistonda gastronomik turizm salohiyati to‘g‘risida, O‘zMU professori Akbar Bobobekov esa O‘zbekistonning YUNESKO nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kirgan obyektlar va ularning muhofazasi xususida taqdimot qildilar.
Tadbir doirasida kulolchilik, miniatyura va tasviriy san’at, kashtachilik namunalari, shuningdek, o‘zbek milliy taomlari va qandolat mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.
Tadbirning musiqiy-badiiy qismida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi Asliddin Do‘stov boshchiligidagi sa’natkorlar hamda iqtidorli O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari ijrosida YUNESKO butunjahon nomoddiy madaniy merosiga ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari mahorat bilan ijro etildi.