O‘zMU xalqaro toifadagi kadrlar tayyorlaydi
Oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti bilan birgalikda “Moliyaviy risklarni boshqarish va sug‘urta” va “Ijtimoiy sohada moliya va biznes” bakalavr dasturlarining yaratilishi hamkorlikning muhim qadamlaridan biridir. Sug‘urta bozori uchun mutaxassislarni tayyorlash sifati juda muhim. Sug‘urta ta’lim tizimi nafaqat iqtisodiy ta’lim tizimining muhim segmenti, balki u umuman sug‘urta bozorining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, uning muvaffaqiyatli ishlashini ta’minlaydi.
Rossiya va O‘zbekistonning ushbu ikki yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida “Qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi” shartnomaning tantanali imzolanishi masofadan turib-onlayn amalga oshirildi. Shartnomani O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor R.Shirinova va Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A.S.Linnikov imzoladi.
Marosimda Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti xodimlari (Sug‘urta va ijtimoiy iqtisodiyot kafedrasi mudiri A.A Siganov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i L.V.Prixodko, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari A.V.Sereda, Sug‘urta va iqtisodiyot kafedrasi dotsenti M.A. Selivanov) va O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari ( Iqtisodiyot fakulteti dekani A.T.Umarov, “Ekonometriya va iqtisodiy modellashtirish” kafedrasi mudiri Sh.S.Nasreddinova, dotsent B.R.Shamsuddinov, xalqaro aloqalarni tashkil etish bo‘limi mutaxassisi Sh.O.Nazirova ) ishtirok etishdi.
Ixtisoslashgan fanlarni Moskva va Toshkentdagi professor-o‘qituvchilar o‘qiydilar. 2020-yili talabalikka qabul qilinganlar uchun COVID-19 pandemiyasi sabab ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar onlayn tarzda olib boriladi. Reja asosida o‘zbekistonlik talabalar 3 va 4 kurslarda bilim olish uchun Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universitetida o‘qishni davom ettiradilar.
Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universitetining sug‘urta va ijtimoiy iqtisodiyot kafedrasi ilmiy maktabi 20-asrning boshlarida shakllangan va bugungi kunda jadal rivojlanmoqda. Sug‘urta ilmiy maktabi Moliya universiteti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, Moskva moliya instituti-moliya akademiyasi- moliya universitetlarida doimiy ravishda hamkorlik qilib boradi. Bu ta’lim dargohining bitiruvchilari bugungi kunda MDHdagi sug‘urta kompaniyalarinning aksariyat qismida faoliyat yuritishadi.
Moliya universitetini bugungi vakillari-Yu.S.Bugayev, L.A. Orlanyuk-Malitskaya, A.A.Siganov Rossiyaning sug‘urta to‘g‘risidagi bugungi kun Qonunlarini ishlab chiqishda faol qatnashadilar, avtomobil egalarining javobgarligini majburiy sug‘urtalashni (OSAGO) ishlab chiqish va joriy etishda qatnashganlar. Bu universitet olimlari bugungi kunda Rossiya sug‘urta bozorida sug‘urta nazorati va o‘zini-o‘zi boshqarishni ilgari surishmoqda. Bakalavriat bosqichi talabalarining “Moliyaviy tahlikalarni boshqarish va sug‘urta qilish” va “Ijtimoiy soha biznesi va moliya” yo‘nalishida olinadigan bilimlar, kelajakda O‘zbekistonning sug‘urta bozori va ijtimoiy sohasini rivojlanishiga xizmat qiladi.
O‘zMU Axborot xizmati