O‘zMUDA BIR ZIYOLI, BIR MAHALLAGA MAʼNAVIY HOMIY SHIORI OSTIDA “REKTOR KUBOGI” MUSOBAQASI O‘TKAZILDI
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun “Bir ziyoli, bir mahallaga maʼnaviy homiy!” shiori ostida O‘zbyekiston Milliy universitetiga biriktirilgan Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Moyariq”, “Shodiyona”, “Beruniy”, “Tepaguzar”, “Paxta” mahallalarida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 14-18 yoshli yoshlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha “O‘zMU rektori kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Shuningdek, turnir doirasida tumandagi 200 ga yaqin ko‘ngilli yoshlar ham ishtirok etib, sportning shaxmat, shashka, basketbol, voleybol, kurash turlari bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.
Sport musobaqasini O‘zMU rektori, professsor Inomjon Majidov ochib berar ekan, mazkur turnir bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan yosh avlodga berilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikning birgina nishonasi ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, universitetga biriktirilgan mahallalarda besh muhim tashabbus doirasida yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar va istiqboldagi rejalari xususida to‘xtalib o‘tdi.
- “Jismonan sog‘lom, maʼnan yetuk, zamonaviy fikrlaydigan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intiladigan yosh avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar ko‘lamida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-6208-sonli Farmoni muhim o‘rin tutadi. Bu borada universitetning yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat tizimi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda” - dyeydi O‘zMU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Mirzaaxmedov.
- “Mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson va oila hayotidagi ahamiyati, uning jismoniy va maʼnaviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni zararli odatlardan asrash, ularga o‘z qobiliyat va isteʼdodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida muhim va dolzarb vazifalar turibdi. Yoshlar mamlakati hisoblanmish O‘zbekistonning rivoji, istiqboli bugungi yosh avlod zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi” - deydi suhbatdoshimiz O‘zMU Sport klubi raisi o‘rinbosari Andrey Platunov.
Turnir yakunida munosib ishtirokchi va g‘olib jamoa O‘zMU rektori tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. “O‘zMU rektori kubogi” Olmazor tumanining “Moyariq” MFY yoshlar jamoasiga nasib qildi.
O‘zMU Axborot xizmati