Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Rektorning universitet yoshlariga tabrigi Аziz yoshlar! Universitetimizning talabalari!


Sizlarni joʼshqinlik, shijoat, navqironlik bayrami- Yoshlar kuni bilan chin yurakdan muborakbod etaman!
Bilim olish, ilm yoʼlida izlanish, yangiliklar yaratish, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish yoʼlida Sizlarga hamisha omad yor boʼlsin. Imkoniyatlar eshigini ochishda oʼqish, harakat qilish, oʼz ustida ishlash, jahon tajribalarini oʼrganish qanotingiz boʼlsin.
Yangi Oʼzbekistonni nomini ilm-fan, sport, sanʼat-barcha jabhalarda yuksaklarga koʼtaradigan Sizdek yoshlarimiz koʼpayaversin.
Kelajagimiz egalarining huquq manfaatlarini himoya qilish, qobiliyatlari, qiziqishlarini ruyobga chiqarish, ularning oʼqish, ilmiy-ijodiy izlanishlar olib borishlari uchun imkoniyatlar yaratish Prezidentimiz, davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Jumladan talaba yoshlarimiz ilm olishlari, raqobatbardosh kadr boʼlib yetishishlari, oʼzlari egallagan sohaning yetuk mutaxassisi boʼlib, ish oʼrinlariga ega boʼlishlari, ilmiy izlanish va ilmiy yangiliklar qilishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish yoʼlidamiz!
Аziz talabalarimiz! Siz ildizlari ilm bilan sugʼorilgan, milliy va umumbashariy qadriyatlarni ardoqlagan, millat va xalq uchun, uning yorqin kelajagi, avlodlari istiqboli yoʼlida fidoyi boʼlgan ajdodlari bor yoshlarsiz! Sizning ezgulik yoʼlidagi har bir harakatingiz tahsinga loyiq.
Siz tahsil olayotgan universitetimizning oʼzi umrboqiy yoshlik timsoli! Bugungi kunda universitetimizda 25 mingdan ortiq yoshlar tahsil olayapti. Dargohimizga qadam qoʼygan inson borki, shuuri yoshlik zavqi, kuch-quvvat va yangi marralar sari yurish tuygʼulariga toʼladi. Bu dargohda yutuqlar, yangi marralar, imkoniyatlar, gʼalabalar shukuhi sira arimaydi. Ularni Siz-universitetimiz yoshlari qoʼlga kiritayapsizlar! Biz Sizlar bilan faxrlanamiz! Sizlarga ishonamiz!
Yangi Oʼzbekistonimizning gʼururi boʼlib, yuksak marralarni qoʼzlab, oʼqish, izlanishdan sira toʼxtamang. Komil inson boʼlib yetishishingiz, oʼz sohangizni yetuk mutaxassisi boʼlib, dunyoda oʼz oʼrningiz, oʼz ovozingiz, aytar soʼzingiz bor, Vatanga kamarbasta yigit -qizlar boʼlishingizga tilakdoshman.
Sizlarga mustahkam sogʼlik, baxt, omad, ishlaringizga rivoj tilayman. Bayramingiz muborak boʼlsin!

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori professor Inom Madjidov