Rektorning universitet jurnalistlariga tabrigi
Qadrli jurnalistlar, ustozlar va jurnalist talabalar!
Barchangizni kasb bayramingiz 27 iyunь - Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan muborakbod etaman. Sharafli va sermashaqqat faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman.
Bugungi davrning axborot asri deyilishi ham bejizga emas. Аxborotning globallashuvi davrida mediamakonda oʼz oʼrniga ega mutaxassis boʼlish va toʼgʼri, xolis axborotni tezkorlik bilan auditoriyaga yetkazib berish eng masʼuliyatli vazifalardan hisoblanadi.
Jamiyatimizga, hayotimizga matbuot xizmatlari, blogerlik faoliyatlarining kirib kelishiga bugungi media va tezkor hayot talabi asos boʼldi. Mana shu mediamaydonda faoliyat yuritadigan kadrlar tayyorlash masalasi xususida toʼxtalmoqchiman.
Yangi Oʼzbekistonimizda olib borilayotgan keng islohotlar, amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar toʼgʼrisida respublikamiz aholisini, jahon hamjamiyatini oʼz vaqtida xabardor qilish, shuningdek, dunyo axborot maydoni globallashuvi sharoitida sodir boʼlayotgan voqealarga tez va xolis munosabat bildira olishga qodir boʼlgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash eng asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
Jurnalist kadrlar tayyorlash masalasi jiddiy va masʼuliyatli vazifa hisoblanadi. Zero, shiddat bilan oʼzgarib borayotgan siyosiy jarayonlar, geosiyosiy manfaatlar toʼqnashuvi tobora kuchayib borayotgan bir paytda yosh jurnalist kadrlar tayyorlaydigan ilm dargohlariga vatanparvar, oʼz pozitsiyasi va printsipiga ega , chuqur bilimli, chet tillari va АKTni mukammal biladigan, jurʼatli va jasoratli mutaxassislarni tayyorlash talabi qoʼyiladi.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning: - "…Jahondagi yetakchi media kompaniyalarining kadrlar tayyorlash va ular bilan ishlashga oid tajribasini chuqur oʼrganib, chet ellik jurnalistlar bilan tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur"-degan fikrlari shu sohada kadrlar tayyorlashimizda bosh mezon hisoblanadi.
Oʼzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulьtetida bakalavriatura bosqichiga “Аxborot xizmatlari va jamoatchilik bilan aloqalar” yoʼnalishi bilan birga 2021-2022 oʼquv yilidan boshlab yangi – “Internet jurnalistika” yoʼnalishiga, “Telekoʼrsatuv va radioeshittirishlar” mutaxassisligi boʼyicha magistraturaga qabul kvotalari ajratildi. Raqobatbardosh jurnalist kadrlar tayyorlash maqsadida dunyoning yetakchi OTMlari bilan shartnomalar imzolanib, chet ellik olimlarni maʼruzalarga jalb etish, talaba almashish, nufuzli xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish borasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonlarda jurnalistika fakulьtetining tajribali ustozlari-Sizlarning xizmatlaringiz katta. Fursatdan foydalanib barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, yosh avlodni tarbiyalash yoʼlida kuch-quvvat, mustahkam sogʼliq, oilaviy xotirjamlik tilayman. Bayramingiz muborak boʼlsin!
Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori
professor Inom Madjidov