Maʼrifatga chorlov
Jadidchilik harakati – yurtimiz mustaqilligi yoʼlidagi kurashlar silsilasida alohida oʼrin tutadi. Jadidlarning millatparvarlik, yurtparvarlik, xalqni ilmu maʼrifatga chorlovchi gʼoyalari hali-hanuz oʼz ahamiyatini yoʼqotgan emas. Zero, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “…jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʼrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʼp oʼrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʼp savollarga toʼgʼri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʼib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
Bugun Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Yangi Oʼzbekiston maʼnaviy asoslarini mustahkamlashda jadid maʼrifatparvarlari merosining ahamiyati”mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya boʼlib oʼtdi. Mazur konfrentsiyada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Oʼzbekiston Milliy universiteti Oʼzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboev, Filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Shahnoza Nazarova, Filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Shuhrat Xayitov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi boshigʼi Botir Mallabaev, professor-oʼqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori Kamoliddin Mirzahmedov kirish soʼzi bilan ochib, Oʼzbekiston Milliy universitetida oʼtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ularni oʼtkazishning ahamiyati haqida gapirdi. Bugungi globallashuv zamonida millat oʼzligini, maʼnaviy qiyofasini saqlab qolishi masalasining dolzarbligi xususida toʼxtalib, jadidlar fenomeni, ularning millat ilm-maʼrifati borasida amalga oshirgan ishlari ahamiyati haqida alohida toʼxtalib oʼtdi.
Shuningdek, konfrentsiyada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo konfrentsiya ishtirokchilari eʼtiborini “Uchinchi renessans davri” va uning asosi sifatida tanlangan Jadid gʼoyalarining oʼziga xos jihatlariga qaratdi. Millat maʼnaviyati va maʼrifati borasida buyuk ishlarni amalga oshirgan ziyoli jadidlarimizning faoliyatini yuqori baholadi. - biz Imom al-Buhoriy, Beruniy, Mirzo Ulugʼbek, Munavvarqori Аbdurashidxonov, Behbudiy, Fitrat, Choʼlpon singari ajdodlari bor kelajagi buyuk millat ekanimiz, ular bilan faxrlanish barobarida mana shunday buyuk ajdodlarimizga munosib avlod boʼlish barchamizning burchimiz ekanligini taʼkidladi.
Oʼzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboev Yangi Oʼzbekistonning maʼnaviy asoslarini mustahkamlashda jadid maʼrifatparvarlari xizmatini eʼtirof etar ekan, bu harakat bevosita Oʼzbekiston Milliy universiteti bilan bogʼliq ekaniga urgʼu berdi. Yigʼilganlarga Oʼzbekiston Milliy universitetiga 1918 yilda jadidchilik harakatining rahnamolaridan biri Munavvarqori Аbdurashidxonov boshchiligida asos solinganini yana bir bor gʼurur va iftihor bilan eslatib oʼtdi. - Bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʼzbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu ezgulikning bevosita davomi boʼladi, - deydi professor Hamidulla Boltaboev.
Filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Shahnoza Nazarova soʼzga chiqib, “Jadid sheʼriyatining maʼnaviy asoslari” mavzusiga toʼxtalar ekan, Yangi oʼzbek sheʼriyatining paydo boʼlishi, uning maʼnaviy asoslari, yangilanish tamoyillari haqida soʼzlab, Fitrat adabiy-tanqidiy qarashlarini tizimli tarzda tahlil etdi. Firtatning “Sayha”, “Yurt qaygʼusi”, “Oʼzbek yosh shoirlari” sheʼriy toʼplamlari va sheʼriyatning yangilanishi borasidagi oʼrnini koʼrsatib berdi. Sheʼriyatga doir ilmiy-tanqidiy qarashlarini va estetik ideal borasidagi qarashlarini bayon etdi.
Filologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori Shuhrat Xayitov ham mavzu yuzasidan oʼz fikr-mulohazalarini bildirarkan, maʼrifatparvar jadidchilarimizning maʼnaviy merosini aholi, ayniqsa yoshlar oʼrtasida keng targʼib qilish, ularni ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda keng jamoatchilik, olimlar va ommaviy axborot vositalarining oʼrni va ahamiyatiga toʼxtalib oʼtdi.
Konfrentsiya soʼngida “Ilhom” mukofoti respublika tanlovining universitet bosqichi gʼoliblari kitoblar jamlanmasi va fahriy yorliq bilan taqdirlandi. Shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan universitet kutubxonasiga kitoblar jamlanmasi sovgʼa qilindi.
Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat
va maʼrifat boʼlimi