O‘zbekiston terma jamoasi matematika bo‘yicha xalqaro oromgohda 6 ta medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 15-iyun-3-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ikkinchi Xalqaro matematika yozgi oromgohi – 2024”da ishtirok etmoqda.
Dunyoning 31 mamlakatidan 340 ga yaqin terma jamoa a’zolari va trenerlarini jamlagan mazkur xalqaro oromgohda terma jamoamiz a'zolari 1 kumush va 5 ta bronza medallarini qo'lga kiritishdi.
Quvonarlisi, terma jamoa a’zosi, O‘zMU qoshidagi S.H.Sirojiddinov nomli akademik litsey o‘quvchisi Boboqulov Asadbek Sayfiddin o‘g‘li bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Ikkinchi marta Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tashkil qilingan ushbu intellektual oromgoh nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) oldidan ishtirokchi mamlakat vakillari uchun g‘oyat samarali va foydali tadbir deb hisoblanmoqda.
O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Botsvana, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Kamerun, Kanada, Kosta-Rika, Estoniya, Gana, Vengriya, Eron, Italiya, Qirg‘iziston, Litva, Mavritaniya, Meksika, Moldova, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Peru, Polsha, Ruminiya, Ruanda, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi, Serbiya, Tailand, Uganda, Xitoy kabi davlatlarning terma jamoalari va ishtirokchilari qatnashayotgan intellektual oromgohda xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalar qayd etgan, dunyo tan olgan matematiklar iqtidorli yoshlar bilan kombinatorika, algebra, sonlar nazariyasi va geometriya kabi yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari olib bordi.