Ollohim bir imlasa oqqan daryo tinarkan,
Yaxshi ko‘rgan bandasin tashvish berib sinarkan
Sabrni yor bilganni mukofot-la siylarkan
Bu qora kunlaringiz o‘tar Sardobaliklar,
Muborak tonglar sizni kutar Sardobaliklar.
Kim o‘ylabdi bu ofat to‘satdan kelishini,
Suvga ko‘mib uyingiz bag‘ringiz tilishini
Banda to‘xtata olmas Yaratganning ishini
Bu qora kunlaringiz o‘tar Sardobaliklar,
Muborak tonglar sizni kutar Sardobaliklar.
Qarang atrofingizga, barchangiz sog‘-salomat,
Topilajak mol-dunyo omon bo‘lsangiz albat.
Ollohga shukr deysiz ko‘rsangiz ham talofat
Bu qora kunlaringiz o‘tar Sardobaliklar,
Muborak tonglar sizni kutar Sardobaliklar.
Azaldan o‘zbek xalqi kulfat tushsa birlashgay,
Burda non topib olsa bir-biriga ulashgay
Qovushtirmay qo‘llarin ko‘mak berib qo‘llashgay.
Bu qora kunlaringiz o‘tar Sardobaliklar,
Muborak tonglar sizni kutar Sardobaliklar.
Karona virus xavfi hukm surgan zamonda,
Duodamiz siz uchun muqaddas ramazonda.
Tutashmoqda mustahkam dillar O‘zbekistonda,
Bu qora kunlaringiz o‘tar Sardobaliklar,
Muborak tonglar sizni kutar Sardobaliklar.
Mahzuna Abdurasulova