Xorijiy abiturientlar uchun

El-yurtga, she’riyatga baxshida umr

El-yurtni sevgan,uning taraqiyoti va farovonligi uchun sidqidildan xizmat qilgan farzandlarni tarix ham siylaydi. “Vatan, yo tanda jonim bor, seningdirman, seningdirman” degan xalqimizning  bu otashnafas va dilbar shoiri o’z asarlari bilan oradan yillar o’tsa-da, “tirik sayyora” yanglig’ avlodlarga komillik, tinchlik, vatanparvarlik, adolat, soflik kabi ezgu fazilatlar va go’zal tuyg’ulardan saboq berib kelmoqda. O’tgan XX asr ikkinchi yarmi – yangi asr boshlarida milliy adabiyotimiz, aniqrog’i sheriyatimiz rivoji, uning yetakchi tamoyillarini Erkin Vohidov bisotisiz tasavvur etish aslo mumkin emas. Shoir 1961-yili ilk she’riy to’plami –  “Tong nafasi” bilan o’zbek adabiyotiga yangi nafas olib kirdi, hayot go’zalligi, inson hayoti ma’nosi, ma’naviy kamolot yo’llari teran ifodalangan bu she’riyatda shoir o’ziga xos ijod maktabini yaratdi. Shoirning ijod namunalari allaqachon maktab va oliy o’quv yurti adabiyot darsliklaridan o’rin olgan, asarlari qayta-qayta nashr etilgan, o’zga tillarga tarjima qilingan.  Xalqimizning ming asrlar ichra pinhon bo’lib yotgan shonli tarixi, jahon sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan beqiyos o’rni haqidagi otashin satrlar jamlangan –“Tarixingdir ming asrlar…” deb boshlanuvchi qasidani yod olmagan O’zbek farzandini uchratish shubhasiz mumkin emas. Bu zabardast shoirimiz 1968-yili “O’zbegim” qasidasini yozib, ona tilimiz xor bo’lgan, o’z millati bilan faxrlanish millatchilik sanalgan, tarixiy asar yozganlarga o’gay ko’z bilan qaraladigan pallada o’z millatini, buyuk tariximizni ulug’ladi. Shoirning bu jasorati – xalqi boshiga tashvish tushganda, kurashga chiqadigan katta ijodkorlarga xos millatparvarlikning yorqin namunasi edi.

Aytish joizki,Erkin Vohidovning ijod taqdirida shoirning ta’lim olgan, hozirda Milliy Universitet deb ataladigan qutlug’ dargohda shakllangan adabiy-ilmiy doira hamda ayni o’sha kezlari yangi avlod ijodkorlarini o’ziga maftun etgan jasur adib Abdulla Qahhor muhitining o’rni-ahamiyati beqiyosdir. Shoir bilan bir qatorda o’sha kezlari universitetda ta’lim olgan Abdulla Oripov, Saida Zunnunova, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi To’xtaboyev, O’tkir Hoshimov, Oydin Hojiyeva kabi butun bir adabiy avlod ayni shu muhit farzandlari, darg’alari, izdoshlaridir.

Erkin Vohidov ijod cho’qqisiga chiqish bilan birgalikda insoniylik cho’qqisini ham zabt etgan inson bo’lganligida zarracha ham mubolag’a yo’qdir. Adib  adabiyotda ham, hayotda ham fenomen – noyob hodisa edi. Erkin Vohidov faqat she’rlar, hajviyalar yozgan shoir sifatida emas, balki, mudrab qolgan aruz vaznini qayta uyg’otgan g’azalnavis sifatida adabiyot gulshanida chuqur iz qoldirgan.   O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov  “ mumtoz adabiyotimizning oltin eshiklari abadiy berkiladi, deb karomat qilingan pallada aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig’ paydo bo’ldi”  - deya  Erkin Vohidov haqida ta’kidlagan edi. Mustaqillik yillarida shoir xalqimizning erkin, obod va farovon hayotini tarannum etadigan, inson qadr-qimmatini ulug’laydigan yangi she’riy asarlari, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bag’ishlangan kitoblari minglab oilalarga, millionlab qalblarga kirib bordi. Ushbu maqolani yozishim davomida quyidagi misralar hayolimda tinimsiz  xotirlana boshlandi..Bu misralar  “O’zbegim” qasidasini yod olgan kezlarimdayoq yuragim tubidan o’zgacha bir joy olgandi.

 

Bu qasidam senga xalqim oq sut-u, tuz hurmati,

Erkin og’lingman qabul et O’zbegim jon O’zbegim.      (Erkin Vohidov)

 

Ha albatta  chindan ham “oq sutu tuz hurmati”ni oqlagan dilband yurt farzandini vatani, xalqi o’zbek adabiyoti va san’atini rivoshlantirishdagi xizmatlarini yuksak taqdirladi: adibga O’zbekiston Qahramoni faxriy unvoni berildi. Qalbida vataniga bo’lgan muhabbat cheksiz bo’lgan, insonning farovon hayotini har narsadan ustun ko’radigan, shuningdek, muhabbat borasida dengizday qaysar, ummondek cheksiz, tog’lardek ulug’vor bo’lgan insonni o’z umrining qahramoni deyish mumkin. Erkin Vohidov ham hech shubhasiz ana shunday insonlardan biri edi. Adibning hayot yo’li, yaratgan asarlari va ulardagi yetakchi g’oyalar har bir inson qalbida ezgu fikrlarga yondosh tarzda yashashiga ishonamiz.

 

Abdullayeva Madinabonu

O’zbekiston Milliy Universiteti matematika fakulteti talabasi

Asosiy ko‘rsatkichlar
1182 Professor-o‘qituvchilar soni
26796 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
52 Yo‘nalish bakalavr
71 Mutaхassislik magistratura