Xorijiy abiturientlar uchun

Ilm-fan yo’lidagi xalqaro hamkorlik

   Bugungi kunda respublikamizda oliy taʼlim muassasalarining xorijiy taʼlim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda tashkil etish, hamkorlikni kuchaytirish, professor-oʼqituvchilarning malakasini oshirish, oliy taʼlim mazmun-mohiyatini takomillashtirish va sohaga iqtidorli yoshlarni jalb etishga katta eʼtibor berilmoqda. Chunki, ilm-fan har bir mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan eng muhim omillardandir. Mamlakat iqtisodi rivojlanishi, uning moliyaviy ahvoli yaxshilanishi uchun avvalo ta’limga e’tibor qaratishi ana shu sohaga investitsiya kiritishi lozim.  Chunki, insonning boshqa mavjudotlardan farq qiluvchi eng asosiy jihati uning ongi. Ana shu uning boyligi. Bu borada mamlakat ilm-fani yuqori natijalarga erishishi uchun boshqa mamlakatlarning bu borada bosib o’tgan yo’lini o’rganishi, ularning ziyoli qatlami bilan fikr almashishi juda zarur. Bu borada matematika va informatikaning o’rni alohida. Chunki, matematika barcha fanlar negizini tashkil etadi, informatika sa hozirgi asrimiz uchun eng muhim va kelajagi porloq bo’lgan fanlardandir.    Shu boisdan,   kuni kecha  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida  Holon Universiteti bilan hamkorligida «Matematika va informatikaning chegarasi» (Frontier in mathematics and computer science)mavzusidagi to’rtinchi bora tashkil etilayotgan O‘zbekiston – Isroil anjumaniga start berildi. Ushbu anjuman Oliy Majlis Senati a‘zosi, O‘zFA Matematika instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, ushbu sohada o’z maktabiga ega bo’lgan Shavkat Ayupovning 75 yoshi munosabati bilan tashkil etildi. Konferensiya ochilishida Oliy ta’lim vazirligidan Bahrom Ismoilov, O’zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Feruza Maxmudova, O’zMU rektori Avazjon Marahimov hamda Holon Texnologiya Insituti rektori Eduard Yakubovlar nutq so’zlashdi. Ular ushbu ana’naviy tarzda tashkil etib kelinayotgan ilmiy hamkorlik har ikki mamlakat olimlari va yosh tadqiqotchilari uchun ilmiy yangiliklarni almashish va bahsga kirishish imkoniyati ekanligini ta’kidlashdi. Ma’lumot o’rnida shuni ta’kidlab o’tish kerakki, Eduard Yakubov O’zbekistonda tug’ilgan, 1968-1973 yillarda ToshDU hozirgi O’zMU Matematika fakultetini, 1979-yilda esa ushbu fakultetda PhD darajasini olgan. Ko’p yillar O’zbekistonda faoliyat yuritgan. 1991-yildan so’ng o’z vatani Isroilga qaytgan. Ammo, O’zbekiston bilan ilm yo’lidagi aloqalar uzilib qolmadi u davom etmoqda. U o’z nutqida ham O’zbekiston bilan pandemiya davrida ham ilm-fan borasida o’zaro aloqlar uzilib qolmaganligini. Ko’plab universitetlar konferensiyalarni bekor qilib turgan davrda ham, O’zbekiston va Isroil o’rtasidagi ilmiy hamkorlik to’xtab qolmaganini alohida qayd etib o’tdi. Bunga javoban esa, O’zMU rektori ilm- fan vakillarini bir umumiy maqsad ostida birlashtirishini va ilm-fan olimlar o’zaro uchrashganda va bahsga kirishganda yanada taraqqiy etishini ta’kidladi.

    Konferensiyada yosh tadqiqotchilar bilan birgalikda yetuk mutaxassislar, Matematika Insitutidan Shavkat Ayupov, O’zMUdan Shavkat Alimov, Mirsaid Oripov, Holon Texnologiya Insitutidan  David Shoikhet,АQShning Kaliforniya universiteti professori xalqaro Filds mukofoti sovrindori (bu mukofot xalqaro nufuzi jihatdan Nobel bilan tenglashtirilgan) Yefim Zelmanov va Petrovskiy nomidagi mukofot sohibi Аleksandr Skubachevskiy ham o’z ma’ruza-tezislari bilan qatnashdilar. Anjuman teoriyalar nazariyasi, algebra va operator nazariyasi,differensial tenglamalar va matematik fizika, differensial geometriya va topologiya, amaliy matematika, intellektual texnologiyalar va ma’lumotlar ilmi yo’nalishlarida o’z ishini olib boradi.

      Konferensiyada 20dan ortiq mamlakat (Xitoy, Buyuk Britaniya, Rossiya, Isroil…)dan ishtirokchilar qatnashadilar. Konferensiyaning asosiy maqsadi- matematika va informatikaning amaliy va nazariy jihatlarini birlashtirish, ularni boshqa tarmoqlarga tadqiq etish va ikki mamlakat o’rtasidagi o’zaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

   Mamlakatimiz aholisining 60%dan ortig’ini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatning keying taraqqiyoti esa aynan ularning qo’lida. Bu taraqqiyotga esa, faqatgina ilm-fan bilan erishib bo’ladi. Bunday anjumanlar  esa, mamlakatimizda fanning ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha ilmiy-texnik dasturlarni amalga oshirish, ilm-fan yoʼnalishida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, yosh olimlarni sohaga jalb qilish hamda ularni sohaning yetuk mutaxassislari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash borasida ahamiyatga egadir.  Bu esa, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatlariga katta turtki sifatida xizmat qiladi. Ushbu turdagi anjumanlardan ko’zlangan natijalarning olinishi esa, faqatgina Beruniy, Xorazmiy, Forobiylar avlodi bo’lib qolish emas, balkim ularning o’zi bo’la oladigan olimlarni yetishib chiqishiga sabab bo’lsa ajab emas.

    Onlayn konferensiya o’z ishini yalpi va parallel sessiyalarda olib bordi .





                                                                   O’zMU Axborot xizmati

Asosiy ko‘rsatkichlar
1182 Professor-o‘qituvchilar soni
26796 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
52 Yo‘nalish bakalavr
71 Mutaхassislik magistratura