Xorijiy abiturientlar uchun

Abiturientning baxt yo‘li

Kelgusida ziyoli bo‘lib kamol topish ishqida yonayotgan yuz minglab iqtidorli yigit-qizlar baxt yo‘liga otlanmoqda! Yuksak marralarni ko‘zlagan yoshlar uchun mamlakatimizdagi eng yuksak oliy ta’lim muassasasi asr tengdoshi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti muntazir! Poytaxtimiz Toshkentning eng so‘lim go‘shasi Yoshlik shaharchasi ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan O‘zMUda tahsil olish eng ezgu niyatli yoshlarimizga nasib etsin! O‘tgan yillar mobaynida bu o‘quv maskanida tahsil olgan atoqli olimlardan 107 nafari akademik darajasiga erishganlar. Ulardan 23 nafari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti va vitse-prezidentlari bo‘lganlar. Olima ayollardan 130 dan ortig‘i fan doktori va professor ilmiy unvonlarini olganlar. Universitetda tahsil olgan ziyolilardan Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar O‘zbekiston Qahramoni unvoniga, shuningdek, ko‘plab professor-o‘qituvchilar O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, Buyuk xizmatlari uchun ordeni va boshqa unvonlarga sazovor bo‘lganlar. Shu kunga qadar O‘zMU talabalaridan 30 nafardan ortig‘i Prezident stipendianti, 25 nafardan ziyodi Mirzo Ulug‘bek nomidagi va 30 nafardan ziyodi Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyalari sohibi bo‘lganlar. Universitetda O‘zMU stipendiyasi hamda hayoti davomida shu o‘quv dargohida yorqin iz qoldirishgan atoqli olimlar Toshmuhammad Sarimsoqov, Obid Sodiqov, Sa’di Sirojiddinov, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Habib Abdullaev, G‘ulom Karimov, Ibrohim Mo‘minov nomidagi stipendiyalar tashkil etilgan. Shu bilan bir qatorda o‘nlab iqtidorli talabalar xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari g‘oliblari sifatida dunyoga dong taratdilar! Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan universitet Axborot resurs markazida internet tizimiga ulangan yuzlab kompьyuterlar xizmati tashkil etilgan. Kutubxona fondi 3 milliondan ortiq adabiyotlarga ega. Yurtimiz mustaqilligi yillarida chop etilgan o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari tayyorlanib, universitetda joriy qilingan lokal tarmoq tizimiga uzatiladi. Bundan tashqari har bir fakulьtetda o‘quv xonalari, kutubxonalar zamon talablariga mos ravishda jihozlantirilgan. Fanda ilmiy maktab yaratish buyuk ajdodlarimizdan merosdir. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab daho bobokalonlarimizdan meros qolgan ilmiy maktablar bugungi kunda ham butun dunyo ilm ahli uchun juda qadrlidir. Oqqan daryo oqqani kabi bu an’ana O‘zMU olimlari tomonidan izchil davom ettirilmoqda. Zero, turli davrlarda olimlar o‘zlarining ilmiy maktablarini yaratganlar. O‘tgan yillar mobaynida, universitet olimlari tomonidan yaratilgan 50 ga yaqin ana shunday ilmiy maktablar jahon ilm ahli tomonidan e’tirof etilgan. Mazkur ilmiy maktablar bugungi texnik taraqqiyotimizning ham poydevori hisoblanadi. Zero, ular bugun ham turli fanlar rivojiga barakali hissa qo‘shayotgani e’tiborga molikdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti istiqboliga, uning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbari Milliy universitetimizga bir necha bor tashrif buyurib, qator istiqbolli g‘oyalarni ilgari surdilar. Mazkur g‘oyalar asosida navbatdagi yangi loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2017 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoniga binoan Tarix fakulьteti professori Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlangan bo‘lsa, 2018 yil 2 mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaroriga binoan shu oliy mukofot bilan taqdirlanganlar orasida Matematika fakulьteti 1-bosqich talabasi Abdusattorova Bahora Fazliddinovna ham borligi barchamizga g‘urur baxsh etadi. Davlatimiz rahbari 2017 yil 14 oktyabrь kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida universitetimiz talabasi haqida bildirgan quyidagi so‘zlari bo‘lg‘usi ziyolilar qalbiga muhrlanib qolgan: Eng muhimi, bugungi kunda yurtimizdan Xorazmiy bobomizning munosib izdoshlari etishib chiqayotgani barchamizni quvontiradi. Ana shunday yoshlardan biri, O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulьteti talabasi, Xorazm farzandi Hakimboy Egamberganov bunga yaqqol misoldir. Bu iste’dodli yigitimiz qatorasiga uch yil 2014, 2015, 2016 yillarda matematika bo‘yicha chet mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Bunday yoshlar timsolida biz Xorazmiy bobomizning haqiqiy nabiralarini ko‘ramiz. Shunday bilimli, barkamol, Vatanga sadoqatli farzandlarimiz qancha ko‘paysa, O‘zbekistonning kelajagi shunchalik buyuk bo‘lishi muqarrar. Bugun Hakimboy Egamberganov singari iqtidorli yoshlarning tom ma’noda davri kelganini har bir talaba teran his etmoqda. Shunday e’tibor qozonish, eng muhimi, ilm bo‘stonida baxtu iqbolini topish har bir yigit-qiz uchun sharafdir. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalar ta’lim tizimini izchil takomillashtirishga xizmat qiladi. Chunonchi, yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratish, ularni ta’lim jarayonlariga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash borasida qator vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Nazariy bilimlarni amaliyot bilan chambarchas bog‘lash uchun O‘zMUning 3 ta dala-amaliyot maydoni, 32 ta o‘quv-ilmiy laboratoriya, 3 ta o‘quv-ilmiy-tajriba markazi, 1 ta OTMlararo ilmiy laboratoriya va 2 ta noyob ob’ektning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Mavjud ilmiy maktablarimizda 15 ta amaliy, 26 ta fundamental, 7 ta innovatsiya, 17 ta yosh olimlarning fundamental (8 ta) va amaliy (9 ta) loyihalari ustida ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, grant tanlovlari va loyihalarida ishtirok etish, xo‘jalik shartnomalari tuzish, boshqa oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun maqsadli ilmiy kadrlar tayyorlash ishlari izchil davom etmoqda. Bu sa’y-harakatlarning barchasi yosh iqtidor sohiblarining orzu-umidlariga erishishlari uchun zamin yaratadi. Haqiqiy olimning sabog‘ini olgan yoshlar ilm cho‘qqilarini zabt etishlariga umid qilsa bo‘ladi. Bugungi kunda Milliy universitetimizda 29 nafar akademik, 150 dan ortiq fan doktori va professorlar, 400 dan ziyod fan nomzodi, falsafa doktori va dotsentlar faoliyat ko‘rsatishayotgan bo‘lsa, 200 dan ortiq yosh olimlar va 500 dan ziyod iqtidorli talabalar ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. O‘zMU AQSh, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil, Turkiya kabi 30 dan ortiq rivojlangan davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Talabalarimiz o‘qish davomida ana shu xorij universitetlarida ham bilim va malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar! Ana shunday ulug‘ maskanda kamol topishni istagan abiturientlarga ajoyib xushxabarimiz bor. Bu yil qabul kvotalari O‘zMUda qariyb ikki barobar oshirilgan! Bunga qo‘shimcha sirtqi va kechki ta’lim yo‘nalishlariga ham qabul qilinadi! Bu o‘qishga kirishingiz uchun imkoniyatingiz ikki-uch barobar ortdi, degani! Bugun-erta kvota soni, qabul yo‘nalishlari haqida aniq (tasdiqlangan!) ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz hamono qo‘shimcha ma’lumotlar yoritiladi. Saytimizni e’tibor bilan kuzatib boring. Savollaringiz bo‘lsa +998909120963 telegrami orqali murojaat qilishingiz mumkin. O‘zMU talabasi bo‘lishingizga tilakdoshmiz. Omad yor bo‘lsin! To‘lqin EShBEK, O‘zMU Axborot xizmati rahbari
Asosiy ko‘rsatkichlar
1182 Professor-o‘qituvchilar soni
26796 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
52 Yo‘nalish bakalavr
71 Mutaхassislik magistratura