Xorijiy abiturientlar uchun

Osuda hayot asosi




Tinchlik va osoyishta hayot – bebaho ne`matdir. 
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti professor-o`qituvchilari targ`ibot guruhi Olmazor tumanidagi mahallalar, ta`lim muassasalari hamda korxona-tashkilotlarda “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik“ mavzuida davra suhbatlari o`tkazmoqdalar. Bugun tumandagi 14- va 16-son oilaviy poliklinikalarda bo`lib o`tgan davra suhbatlarini shifokorlar katta qiziqish bilan tingladilar. 

Ma`naviyat va ma`rifat markazi Ilmiy ekspertiza bo`limi etakchi mutaxassisi Hayot Nurillaev, Olmazor tuman hokimligi Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari Muazzam Aliboeva va boshqalar 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo`lib o`tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilinishi jahonda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo`lishiga xizmat qilishini ta`kidladilar. 

– Davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan O`zbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya asosiy maqsadi “barchaning ta`lim olish huquqini ta`minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko`maklashishdan iborat“ ekani haqidagi fikrlari zamirida ulkan ma`no mujassam,– dedi O`zMU Jurnalistika fakulteti dotsenti, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi “Ma`rifat” targ`ibotchilar jamiyati a`zosi To`lqin Eshbek.– Hujjat “bag`rikenglik va o`zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta`minlash, e`tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo`l qo`ymaslikka ko`maklashish“ga qaratilgan. Bu rezolyutsiyada ma`rifatparvarlik g`oyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo`lidagi integratsiya, o`zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va o`zaro anglashuvning nechog`li muhimligi e`tirof etiladi. Hujjatda dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo munosabatlardagi uyg`unlikni rag`batlantirish hamda ayrim shaxslarga nisbatan din va e`tiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yo`l qo`yilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar qo`llab-quvvatlanadi. Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatda a`zo davlatlarga milliy va xalqaro OAVlar, jumladan, Internet tarmog`ida keng ko`lamli targ`ibot ishlarini yo`lga qo`yish, bag`rikenglik, zo`ravonlikka barham berish hamda din va e`tiqod erkinligiga doir ma`rifiy axborot tarqatish kabi tegishli kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilinmoqda.

Aytish joizki, Prezidentimiz yoshlarni so`nggi yillarda kuchayib borayotgan diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan himoya qilish, ularning o`z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerakligini ta`kidlab, BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqishni taklif qilgani keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg`otdi. Davlatimiz rahbarining nutqida ko`tarilgan ustuvor masalalar mazmun-mohiyatini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga etkazish, tushuntirib berishga mas`ulmiz. Muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosida doimo halol mehnat bilan yashash, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlik ulug`lanadi. Prezidentimiz o`z nutqida islom dinining insonparvarlik ahamiyatiga yana bir bor e`tiborni qaratdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz.

Biz muqaddas dinimizni zo`ravonlik va qon to`kish bilan bir qatorga qo`yadiganlarni qat`iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. 

Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da`vat etadi”. 
XXI asrga kelib, jahon dinlaridan biri — islomga qiziqish tobora ortib bormoqda. Afsuski, bu qiziqish ortida islomni niqob qilib, o`zining jirkanch maqsadlarini amalga oshirishga urinayotgan kuchlar ham borki, ular nafaqat tinchlik va barqarorlikka, balki islom dini sof¬ligiga ham katta tahdid solmoqda. Diniy ekstremistlarning yovuz maqsadlari, buzg`unchi g`oyalari bizni doimo hushyor va ogoh bo`lishga chaqiradi. 
Davra suhbatida tinglovchilarni bu mavzuda qiziqtirgan savollariga javoblar berildi. 

Olmazor tuman hokimligi
Ma`naviyat va ma`rifat markazi
Axborot xizmati

Asosiy ko‘rsatkichlar
1182 Professor-o‘qituvchilar soni
26796 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
52 Yo‘nalish bakalavr
71 Mutaхassislik magistratura