Xalqaro hamkorlik samarasi
Oʼzbekiston Respublikasida oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida Oʼzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish vazifasi belgilab qoʼyilgan edi. Shuningdek, mazkur oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 500 talikdagi oliy taʼlim muassasalari darajasiga koʼtarish kerakligi aniq koʼrsatib berilgan.
Bugungi kunda mazkur sohada Oʼzbekiston Milliy universitetida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet professor-oʼqituvchilarning nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar nashr qilish soni oʼtgan yilga nisbatan 2,5 baravarga oʼsdi, oʼquv jarayoniga muntazam ravishda xorijlik professorlar jalb qilinmoqda va ular bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar bajarilmoqda.
Xususan, istiqbolli yoʼnalishlar va mutaxassisliklarda xalqaro qoʼshma taʼlim dasturlari ochish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yilning 25 fevralь kuni Oʼzbekiston Milliy universitetiga D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya ximiya-texnologiya universiteti rektori Аleksandr Majuga, oʼquv ishlari boʼyicha prorektor Sergey Filatov va davlat grantlari boshqarmasi boshligʼi Mariya Soldatyonklar tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori Inomjon Madjidov, xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor Raima Shirinova, ximiya fakulьteti dekani Shaxnoza Qodirova, organik sintez va amaliy kimyo kafedrasi mudiri Аlisher Xaitbaevlar kutib olishdi.
Uchrashuvda universitet rahbarlari professor-oʼqituvchilarning oʼzaro tajriba almashishi, talabalarning akademik mobilligini yoʼlga qoʼyish, hamkorlikda oʼquv va ilmiy ishlanmalar nashr qilish hamda istiqbolli yoʼnalishlarda qoʼshma taʼlim dasturlari ochish boʼyicha fikr almashildi. Shuningdek, uchrashuv soʼngida Oʼzbekiston Milliy universiteti va D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya ximiya-texnologiya universiteti teng imkoniyatlar va oʼzaro manfatlar asosida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor
Raima Shirinova