Xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarida Orol muammosi
2021 yilning 19 fevralda O‘zbekiston Milliy universiteti va Fransua Rable nomidagi Tur universiteti ilmiy xodimlari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shaxnoza Nazirova, geografiya fakulteti dekani Shavkat Sharipov va geografiya sohasidagi yetuk olimlar hamda Tur universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Mark Desme, geografiya sohasidagi fransuz olimlari ishtirok etdilar.
Mark Desme geografiya sohasida tabiiy suv havzalarida og‘ir metallar va organik mikro-ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslanishi bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullanib keladi. Shuningdek, Fransiyaning Ruan, Luara daryolari muammosi, Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik shaharlar daryolari hamda shaharlarning suv havzalariga geokimyoviy ta’sirini o‘rganishga e’tibor qaratganligi to‘g‘risida o‘zbek olimlariga qisqacha ma’lumot berdi.
Videokonferensiya davomida ishtirokchilar Orol dengizi havzasining suv resurslari, ularni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish muammolarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, Amudaryoning quyi oqimida suv ta’minotining hozirgi gidrologik rejimi muhokama qilindi.
Tur universiteti olimlari tomonidan o‘zbek olimlari bilan hamkorlikda suv resurslari masalalari, xususan, Orol dengizi va Amudaryo muammolariga yechimiga qaratilgan xalqaro ilmiy loyiha ustida ish olib borish, Tur universiteti talabalarining akademik almashinuvini ushbu loyiha doirasida amalga oshirishga kelishib oldilar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi